Ravshan Ermatovning otasi 71 yoshida vafot etdi
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning otasi Sayfiddin Ermatov 71 yoshida vafot etdi.
Uzoq yillar davomida iqtidorli sportchilarni tayyorlagan, hakamlik va nazoratchilik faoliyati bilan o‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shgan Sayfiddin Ermatov vafot etdi.
Maʼlumot uchun, Sayfiddin Gaziyevich Ermatov 1953-yil 22-fevral kuni Toshkentda tavallud topgan. Bolaligidan futbolga mehr qo‘yib, millionlar o‘yini bilan shug‘ullanib kelgan. Jumladan, yoshlik davrlarida “Paxtakor”, “Spartak” va “Avtomobilchi” jamoalarida to‘p surgan.
Shundan so‘ng Sayfiddin Gaziyevich “Paxtakor” bolalar-o‘smirlar sport maktabi va xalq orasida “Chig‘atoy” nomi bilan mashhur bo‘lgan futbol bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabida yoshlarga futboldan saboq bergan. Keyinchalik futbol hakami va inspektori sifatida samarali mehnat qilgan.
Sayfiddin Ermatov faoliyati davomida ko‘plab isteʼdodli yosh hakamlarni tarbiyalashda katta hissa qo‘shgan. Shogirdlari orasida FIFA referisi, futbol mundiallarini boshqarish bo‘yicha jahonning mutlaq rekordchisi Ravshan Ermatov, shuningdek, Abduhamidullo Rasulov kabi taniqli hakamlarni uchratish mumkin. Shuningdek, tarkibida Server Jeparov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Yaroslav Krushelniskiy, Yuriy Nikitov kabi iqtidorlarni jamlagan 1982-yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgan.