9 Avgust 2024, 08:17 Oʻzbekiston

Surxondaryoda noqonuniy baliq ovlanishi ortidan tabiatga 1,4 mlrd so‘m zarar yetdi

Sho‘rchi tumanida elektr qarmoq bilan baliq ovlanishi oqibatida 221 bosh baliq nobud bo‘ldi va tabiatga 1,4 mlrd so‘m zarar yetdi.

Surxondaryoda noqonuniy baliq ovlanishi ortidan tabiatga 1,4 mlrd so‘m zarar yetdi

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida noqonuniy usulda baliq ovlaganlar ushlandi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.

Tashkilotning hududiy boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan Sho‘rchi tumanida tezkor nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda Tamaddun mahallasida yashovchi 4 nafar fuqaro Surxondaryoning mahalladan oqib o‘tuvchi qismida noqonuniy baliq ovlagani aniqlangan.

Huquqbuzarlar tomonidan 182 bosh kumush tovon balig‘i (karas), 37 bosh orol moy balig‘i, 2 bosh Samarqand xramulyasi (tupak) baliqlari taqiqlangan usul — elektr qarmoq bilan ovlangan.

Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 1 milliard 439 million 900 ming so‘mni tashkil etdi.

Holat yuzasidan huquqiy baho berish va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar summalarini undirish maqsadida barcha to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga yuborildi.

Mashhur yangiliklar