8 Avgust 2024, 11:02 Sport

Og‘ir atletikachi Sardor Lapasov 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi

Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Sardor Lapasov doping tufayli diskvalifikatsiya qilindi.

Og‘ir atletikachi Sardor Lapasov 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Sardor Lapasov antidoping qoidabuzarligini sodir etgani sababli 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi (UzNADA) xabar berdi.

Qayd qilinishicha, sportchidan musobaqa davrida olingan doping sinamasida taqiqlangan Klenbuterol moddasi borligi aniqlangan. Ushbu modda Butunjahon antidoping agentligi tomongidan 2024 yilgi taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Endi Lapasov diskvalifikatsiya muddati tugagunga qadar xalqaro va milliy toifadagi musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etolmaydi.

Sardor Lapasov og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati g‘olibi, kattalar o‘rtasidagi mamlakat birinchiligida kumush medal sovrindori hisoblanadi.

UzNADA Lapasovning jazo muddati qachondan boshlangani va uning qaysi sovrinlari bekor qilinganiga aniqlik kiritmagan.

Mashhur yangiliklar