8 Avgust 2024, 09:23 Oʻzbekiston

Toshkent viloyatida IIO mashinasidan sakragan fuqaro vafot etdi

Oqqo‘rg‘on tumanida Ichki ishlar organi mashinasidan o‘zini tashlagan mast holdagi fuqaro vafot etdi.

Toshkent viloyatida IIO mashinasidan sakragan fuqaro vafot etdi

Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumanida Ichki ishlar organi mashinasidan o‘zini tashlagan fuqaro jarohat olib, shifoxonada vafot etdi. Bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 26 iyul kuni tunda Oqqo‘rg‘on tumani, Hamid Olimjon mahallasida istiqomat qilgan T.M. Qo‘shtepa mahallasidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida mast holatda jamoat tartibini buzgani haqida aholi tomonidan murojaat bo‘lgan.

Chaqiruvga asosan borgan Ichki ishlar organi (IIO) xodimlari uni mastlik tarqalguniga qadar Bo‘ka tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli punktga (hushyorxonaga) yetkazish uchun xizmat avtomashinasida olib ketishgan.

Avtomashina orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan T.M. ichki ishlar organi xodimlaridan qochish maqsadida, eshikni yelkasi bilan ochib, o‘zini yerga tashlagani ta’kidlanmoqda. Bo‘ka tumani Tibbiyot birlashmasining ma’lumotiga ko‘ra, unda bosh qismining ichki va tashqi jarohatlari, shilingan, burun suyagi sinishi va boshqa tan jarohatlari hamda alkogol mastlik holati aniqlangan.

T.M. jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurati sababli Bekobod tumani Markaziy shifoxonasiga olib borilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Holat yuzasidan Oqqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda IIO xodimlari harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar