6 Avgust 2024, 19:24 Oʻzbekiston

Qalbaki markirovkali tovarlar savdosi uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda kontrafakt yoki qalbaki markirovkalangan mahsulotlarni sotganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etish reja qilinmoqda.

Qalbaki markirovkali tovarlar savdosi uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin

Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Unda belgilanishicha, Soliq qo‘mitasi 2024 yil 1 sentabrga qadar alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika va dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning “Asl belgisi” milliy axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tgani hamda raqamli markirovkalash talablariga rioya etilayotganini nazoratga oladi.

Qaror bilan Soliq qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026 yil 1 avgustga qadar qalbaki raqamli markirovkalangan yoki kontrafakt mahsulotlarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi hamda ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirilgan. Bunda ushbu mahsulotlar musodara qilinishi ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi alohida tuzilma tashkil etiladi. U raqamli markirovkalash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishi, yashirin ishlab chiqarish faoliyati va qalbaki tovarlar tarqalishiga qarshi kurashish orqali soliq tushumlarini to‘liq ta’minlashi zarur.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 noyabrga qadar raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarning ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz shaklda sotish talabini belgilaydigan hujjat loyihasi ishlab chiqish topshirilgan.

Qarorda belgilanishicha, Raqobat qo‘mitasi onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassaga ulangan shtrix-kodlar va raqamli markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qishni va aniqlashni ta’minlovchi maxsus qurilmalarning narxlari sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olishi shart bo‘ladi.

Mashhur yangiliklar