6 Avgust 2024, 13:48 Oʻzbekiston

DXX uchta viloyatda noqonuniy yer savdosining oldini oldi

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlarini aniqladi.

DXX uchta viloyatda noqonuniy yer savdosining oldini oldi

Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa organlar xodimlari hamkorlikda Farg‘ona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlarini aniqladi. Telegram`dagi Xavfsizlik kanali reyd jarayoni aks etgan videoni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida 56 yoshli shaxs o‘zganing tekstil mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonasiga qarashli, bank garovida turgan 12 sotix yer maydonini 130 ming dollarga sotishga kelishgan. U oldindan 109 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut tumanida 33 yoshli fuqaro tumandagi g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining sug‘oriladigan yer maydonidan 50 sotixini 80 ming dollarga sotishga kelishib, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Yakunda u kelishilgan pulning 30 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Qarshi tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari chorvachilik yo‘nalishida foydalanish maqsadida fuqaroga hokimlik zaxirasidagi 25 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming dollar talab qilib, 5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar