1 Avgust 2024, 17:43 Oʻzbekiston

Raqobat qo‘mitasi propan narxi oshishi yuzasidan tekshiruv boshladi

Iyul oyi davomida propan narxi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 25,1 foizga oshdi.

Raqobat qo‘mitasi propan narxi oshishi yuzasidan tekshiruv boshladi

Propan narxi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida o‘rtacha 4800-5000 so‘mdan 6000-6200 so‘mgacha qimmatlashgani aytilmoqda. Bu birjada narxlar oshgani ortidan ro‘y bergan.

1 iyul holatiga propanning 1 tonnasi 6 mln 23,8 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, bu 31 iyulga kelib 7 mln 538,5 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Ya’ni iyul oyi davomida ushbu mahsulot bahosi 25,1 foizga oshgan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, propan narxi iyul oyida 1,9 foizga, yillik hisobda 16 foizga qimmatlashgan.

Raqobat qo‘mitasi birja orqali realizatsiya qilinishi belgilangan suyultirilgan gaz mahsulotining qo‘yilishi va sotilishi yuzasidan tegishli o‘rganishlarni olib borib, qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi.

Rasmiy axborotda keltirilishicha, Raqobat qo‘mitasi o‘z funksiyalaridan kelib chiqqan holda birja savdolarida sotilayotgan yuqori likvidli mahsulotlarning realizatsiyasi holatini doimiy tahlil qilib keladi, xususan, suyultirilgan gazning narxlarini oshishi mumkinligini oldindan prognoz qilgan holda, uning narxini barqarorlashtirishni ta’minlash maqsadida 15 iyul kuni tegishli choralar ko‘rish yuzasidan mas’ul regulyatorga xabar yuborgan.

Mashhur yangiliklar