Farg‘onada Damas’dan sakragan yo‘lovchini boshqa mashina bosib ketdi
Oqibatda fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga yotkizilgan, biroq u koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.
Farg‘ona shahrida fuqaro Damas’ning orqa eshigini ochib, sakrab tushganidan so‘ng uni boshqa mashina bosib ketgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati YHXB ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2024-yil 16-iyul kuni Farg‘ona shahri Qirguli mavzesi Shifokorlar ko‘chasida fuqaro N.K. boshqaruvidagi Damas avtomashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro D.P. avtomobilning orqa eshigini ochib, sakrab yuborgan va qarama-qarshi tomonidan kelayotgan avtomobilning old qismiga kelib urilgan.
Oqibatda D.P. tan jarohati olib, kasalxonaga yotkizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.