Xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qonun loyihasi eʼlon qilindi
Xorijdagi vatandoshlarga koʻmaklashish, ularni qoʻllab-quvvatlash hamda huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining “Xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.
Loyihada Oʻzbekiston tomonidan xorijdagi vatandoshlarga koʻmaklashish, ularni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Loyihada xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadlari, asosiy yoʻnalishlari, ragʻbatlantirish usullari belgilanmoqda.
Jumladan, Oʻzbekistonning xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
- xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, istiqomat qilayotgan mamlakatning qonunlari va Oʻzbekiston xalqaro shartnomalari asosida chet ellardagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yordam koʻrsatish;
- Oʻzbekiston madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilish, uni dunyoda oʻrganish va ommalashtirish, istiqomat qilayotgan mamlakatlarida oʻzbek tilini, madaniyatini va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan vatandoshlarimizning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning Oʻzbekistonda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish;
- Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli va doʻstona munosabatlarini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishni istagan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;
- Oʻzbekiston hududida vatandoshlarning kasbiy, shu jumladan, tadbirkorlik, sarmoyadorlik, ilmiy, maʼrifiy va madaniy faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;
- Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada mustahkamlashga vatandoshlar salohiyatini jalb qilish.
Oʻzbekiston madaniyat, ilm-fan, taʼlim va axborot sohalarida hamda iqtisodiy sohada xorijdagi vatandoshlar va ularning tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlaydi, ular bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning boshqa xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tashkil qiladi.
Taklif etilayotgan loyihaning qabul qilinishi natijasida xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi. Xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadlari, asosiy yoʻnalishlari, ragʻbatlantirish usullari belgilanadi. Xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirishga erishiladi.
Мавзуга оид хабарлар:
O‘zbekistonda xorijliklarni nomaqbul shaxs deb topish haqidagi qonun kuchga kirdi O‘zbekistonda istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi Uy sharoitida tirik pilla yetishtirayotganlar daromad solig‘idan ozod qilinadi Prezident bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi