Bolaga nisbatan maishiy zoʻravonlik qilganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda
Jinoyat kodeksining oiladagi zoʻravonlik toʻgʻrisidagi 126−1-moddasi bolaga nisbatan oiladagi (maishiy) zoʻravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan toʻldirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida oilaviy (maishiy) zoʻravonliklardan himoyalash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarning ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining oiladagi (maishiy) zoʻravonlik toʻgʻrisidagi 126−1-moddasi bolaga nisbatan oiladagi (maishiy) zoʻravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan toʻldirilmoqda.
Amaldagi normada er-xotin yoki oilada birga yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan oiladagi (maishiy) zoʻravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan boʻlsa-da, bu harakatlarni bolaga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasi “Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlar yuzasidan yarashuv toʻgʻrisidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan toʻldirilmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda ham bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda. Majlisda qonun deputatlar tomonidan qabul qilindi va maʼqullash uchun Senatga yuborildi.
Мавзуга оид хабарлар:
Zo‘ravonlik qurbonlari uchun himoya orderi onlayn beriladi Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar davlat organlariga ishga olinadi