O‘zbekistonda gaz zapravkalar uchun qo‘shimcha talablar belgilandi
Amaldagi litsenziatlar uchun Uzinfocom avtomatlashtirilgan tizimlariga ulanish talabi 2025-yil 1-yanvardan boshlab majburiy hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining “Tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Norma.
Hujjat tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish hamda siqilgan gazni avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari orqali (AGTKSH) sotishni to‘liq raqamlashtirgan holda ulardan noqonuniy foydalanish va baxtsiz hodisalarning oldini olish chora-tadbirlarini nazarda tutadi.
2024-yil 1-sentyabrdan neft, gaz (shu jumladan, siqilgan tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi) va gaz kondensatini qazib olish va qayta ishlash uchun litsenziya olishda ko‘rsatiladigan texnologik jarayonlar va texnologik uskunalarning holati texnik jihatdan tartibga solinadi.
Yangi AGTKSHlar qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va litsenziya faqat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra beriladi.
Litsenziya yoki ruxsatnoma olish uchun quyidagi qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi kerak:
- AGTKSH orqali sotiladigan siqilgan gaz sarfi hisobini bevosita gaz tarqatish ustunlaridagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida yuritish imkonini beruvchi Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator Uzinfocom MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan tizim o‘rnatilganini tasdiqlovchi hujjat;
- Energetika vazirligining AGTKSH orqali siqilgan gaz sotish bo‘yicha yangi litsenziya olish Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvini tasdiqlovchi taqdimnomasi.
Amaldagi litsenziatlar uchun Uzinfocom avtomatlashtirilgan tizimlariga ulanish talabi 2025-yil 1-yanvardan boshlab majburiy hisoblanadi. Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2024-yil 11-iyuldan kuchga kirgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Ikki viloyatda 4,8 mlrd so‘mlik energiya resurslarini o‘g‘irlagan “zapravka”lar aniqlandi Haydovchilarga qaysi gaz “zapravka” ishlayotganini koʻrsatuvchi mobil ilova ishga tushiriladi Qashqadaryoda elektrdan noqonuniy foydalangan “zapravka” aniqlandi Fargʻonada metan “zapravka” 792,5 mln soʻmlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi Andijonda 2 ta “zapravka” salkam 9 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi