9 Iyul 2024, 13:19 Oʻzbekiston

Hokimlar bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashi raisi boʻlishi taqiqlanmoqda

Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligini nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Hokimlar bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashi raisi boʻlishi taqiqlanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xalq deputatlari kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi hamda viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligini nazarda tutuvchi yangi norma oʻz aksini topgan.

Shu bilan birga, yangi konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda hokim va mahalliy kengash raisi lavozimlari ajratilayotgani amaldagi qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish hamda takomillashtirish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlar chiqilgan qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hokimlar hamda mahalliy kengashlarning vakolatlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Mashhur yangiliklar