8 Iyul 2024, 10:43 Oʻzbekiston

Yo’llardagi qoidabuzarliklar uchun belgilangan jarimalar yuzasidan shikoyat qilish imkoniyati paydo bo’ladi

Yuborilgan shikoyat arizalari 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Yo’llardagi qoidabuzarliklar uchun belgilangan jarimalar yuzasidan shikoyat qilish imkoniyati paydo bo’ladi

O‘zbekistonda 1-sentabrdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP, my.gov.uz) orqali yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun chiqarilgan jarima yuzasidan shikoyat qilish mumkin bo‘ladi. Bu hukumatning 3-iyuldagi qarorida nazarda tutilgan.

Unda qayd etilishicha, hozirgi kunda yo‘l harakati qoidalarining buzilish holati yuzasidan chiqarilgan qaror va yuboriladigan xabarnomalar bo‘yicha fuqarolar tomonidan murojaat qilishda ortiqcha ovoragarchiliklar kelib chiqmoqda. Ushbu muammoni hal qilish uchun elektron murojaat qilish tizimi joriy etilmoqda. Shu bilan birga, og‘zaki va yozma murojaat qilish imkoniyati ham saqlanib qoladi.

Hukumat Ichki ishlar vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligiga yoz oxirigacha Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimini «Raqamli hukumat» tizimi bilan integratsiyalash bo‘yicha topshiriq berdi.

Tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq, ariza beruvchi apellyasiya yoki shikoyatga dalillarni ilova qilishi mumkin.

Yuborilgan shikoyat arizalari 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Murojaat ko‘rib chiqilayotgan vaqt mobaynida jarima uchun belgilangan chegirma muddati to‘xtatib turilmaydi. Agar murojaat qo‘shimcha o‘rganishlarni talab etgan taqdirda murojaat etuvchi YaIDXP orqali xabardor qilinadi.

Shikoyat asosli deb topilgan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish tugatiladi.

Mashhur yangiliklar