Uchta hududda tuman hokimlari oʻrinbosarlari pora bilan ushlandi
Taxiatosh va Boʻka tumanlari hokimlarining qurilish, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, Boʻston tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari tezkor tadbirlarda pora bilan qoʻlga olindi.
Respublikaning turi hududlarida uchta tuman hokimlarining oʻrinbosarlari tezkor tadbirda pora olayotganda ushlandi.
Maʼlum qilinishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari oʻzining mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda, hokimlik balansida boʻlgan va rejaviy buzilishga tushgan uyni mahalliy fuqaroga buzish ishlarini olib borish hamda buzish davomida chiqqan materiallardan oʻz xohishiga koʻra foydalanish vakolatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 35 mln soʻm talab qilgan.
DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokim oʻrinbosari soʻralgan pul mablagʻidan 32 mln soʻmni oʻzining xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Andijon viloyati Boʻston tumani fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi oʻzining nomida boʻlgan va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik tasarrufidagi 10 gektar yer maydonini eksportbop mahsulotlar yetishtiriluvchi yer toifasiga oʻzgartirib, shuningdek, bu haqida tuman hokimining ekin maydonlarini joylashtirish toʻgʻrisidagi qarorini chiqartirib, uni kavrak oʻsimligi yetishtirmoqchi boʻlgan tadbirkorga 3 yilga foydalanishga berish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilgan. DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda u oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, kengash raisi avans sifatida olgan pul mablagʻini Boʻston tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosariga berishi kerakligi maʼlum boʻlgan. Tezkor tadbir davom ettirilgan hamda hokim oʻrinbosari ham 10 ming AQSH dollarini oʻzining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlangan.
Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda esa Favqulodda vaziyatlar vazirligining Boʻka tumani boʻlimi boshligʻi 2022-yilda qurilgan koʻp qavatli uy uchun “Qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida davlat qabul qilish dalolatnomasi”ni tasdiqlatib berish evaziga 2 500 AQSH dollari talab qilgan.
DXXning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda uning topshirigʻiga koʻra, talab qilingan pul mablagʻini olgan vaqtida tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi 1 200 AQSH dollarini Boʻka tumani hokimining qurilish, kommunikatsiya, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosariga berishi kerakligi maʼlum boʻlgan. Tezkor tadbir davom ettirilgan hamda hokim oʻrinbosari ushbu pul mablagʻini oʻzining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda uchala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismining tegishli bandlari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Мавзуга оид хабарлар:
To‘rt viloyatda pora olayotgan advokatlar qo‘lga tushdi Buxoroda fuqaroga umrbodlik nafaqa va’da qilgan shifokor ushlandi Jizzax viloyatida temiryo‘l stansiyasi boshlig‘i pora bilan ushlandi Qashqadaryo hamda Jizzaxda ekologiya va qurilish mutaxassislari pora bilan ushlandi Andijonda hokim o‘rinbosari 30 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi