Shimoliy vokzal yaqinidagi yerosti o‘tish joyi savdo va xizmat ko‘rsatish hududiga aylantiriladi
Rasmiylar u yerda ko‘proq aholini jalb qila oladigan loyihalarni joriy etishni rejalashtirmoqda.

“Toshkent” bekati va Shimoliy vokzal o‘rtasidagi yer osti o‘tish joyida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari paydo bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” Toshkent hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarovga tayanib.
Ma’lumotlarga ko‘ra, amaldor xalq deputatlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishida rejalari bilan o‘rtoqlashgan. Baxtiyor Haydarovning ta’kidlashicha, loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Poytaxt ma’muriyati vakili ilgari aynan shu hududda turli do‘konlar joylashganini va savdo-sotiq amalga oshirilganini eslatdi.
Bu juda gavjum joy edi. Mana, bir necha yildirki, u bo‘m-bo‘sh turibdi, — dedi shahar hokimi o‘rinbosari.
Shuningdek, Baxtiyor Haydarov hududda ko‘proq aholini jalb qila oladigan loyihalar qurish rejalashtirilayotganini, keyinchalik ushbu hududdan o‘quv markazlari, bir qismidan esa savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun foydalanish mumkinligini aytdi.
Avvalroq Toshkentda yangi metro liniyasi paydo bo‘lishi haqida xabar berilgan edi. Metropoliten o‘nta bekatga kengaytiriladi.
Izohlar