Toifasiz

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston terma jamoasini futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘l olgani bilan tabrikladi

Davlat rahbari ushbu tarixiy g‘alaba O‘zbekiston xalqini ezgu maqsadlar yo‘lida yanada jipslashtirishiga ishonch bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston terma jamoasini futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘l olgani bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘l olgani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, sportchilar Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirokidagi saralash bahslarida chinakam mardlik va matonat ko‘rsatib, O‘zbekiston tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

“Avvalo, siz, azizlarni Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etgan saralash o‘yinlarida chinakam jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib, tom ma’noda ulkan g‘alabaga erishganingiz — Vatanimiz tarixida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Hech shubhasiz, milliy sportimiz solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan bunday yorqin natija yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari, butun xalqimizning necha yillik orzusi edi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Sizlar professional bilim va malakangiz, tajriba va mahoratingiz, eng muhimi, yuksak irodangiz va g‘alabaga bo‘lgan ishonchingiz bilan ana shunday orzuni real haqiqatga aylantirganingiz har qanday tahsin va tasannoga munosibdir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ushbu quvonchli oqshom, baxtli g‘alaba soatida ko‘p millatli butun O‘zbekiston xalqi terma jamoa a’zolari bilan haqli ravishda faxrlanishini ta’kidladi.

“Saralash o‘yinlari naqadar kuchli raqobat ostida, keskin va shiddatli kurashlarda o‘tgani, terma jamoamizga nisbatan turli bosimlar bo‘lganiga qaramasdan, sizlar zarur ochkolarni jamg‘arib, azm-u shijoatli Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday yuksak marralarni egallashga qodir ekanini yana bir bor amalda isbotladingiz.

Sizlarning ana shunday g‘oyat mas’uliyatli turnirdagi munosib ishtirokingiz keyingi yillarda mamlakatimizda sportga, jumladan, uning eng ommaviy turi bo‘lgan futbolga berilayotgan ulkan e’tiborning yana bir buyuk amaliy natijasi sifatida ham biz uchun g‘oyat qadrlidir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari ushbu tarixiy g‘alaba O‘zbekiston xalqini ezgu maqsadlar yo‘lida yanada jipslashtirishi, minglab yoshlarga ibrat va namuna bo‘lishi, Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

“Sizlar futbol maydonlaridagi mana shunday shonli yutuqdan yangi kuch va ruh olib, kelgusi yili AQSH, Meksika va Kanada davlatlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining birinchi va yagona vakili bo‘lishdek yuksak sharafni chuqur his etgan holda, yanada katta jonbozlik ko‘rsatasizlar, deb ishonaman.

Mana shu shukuhli ayyomda sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mehribon va talabchan ustoz-murabbiylaringiz, milliy terma jamoamizning barcha a’zolarini, sizlarga baxt va omad tilab, kecha-yu kunduz duoda bo‘lib kelgan ota-onalaringiz, aka-uka, opa-singil va barcha yaqinlaringizni o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan qizg‘in tabriklab, ularga samimiy minnatdorligimni bildiraman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident barchani muqaddas Qurbon hayiti kunlarida O‘zbekiston xalqiga chinakam tuhfa bo‘lgan ushbu unutilmas tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi.

“Zafarli odimlaringiz bardavom bo‘lsin, aziz farzandlarim!” — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

    Максим Каневский
    Редактор «NOVA24»

    Izohlar

    Mavzuga oid