Toifasiz

Prezident Toshkentda yangi avtobus liniyasini ko‘zdan kechirdi — video

Shavkat Mirziyoyev avtobusda safar qilgach, jamoat transportidan foydalanishda qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida bo‘lib, Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birga avtobusda ko‘cha bo‘ylab yurib, qulayliklar bilan tanishdi, yo‘lovchilar bilan muloqot qildi.

Shota Rustaveli ko‘chasi jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar — Bus Rapid Transit (BRT) tizimlarini joriy etish bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi bo‘ldi. Bu yangilik avtobuslar qatnovini tezlashtirib, yo‘lovchilarga qulaylik yaratdi.

19,2 million dollarlik loyiha yo‘lovchi tashish hajmini soatiga 2,5 mingdan 6 ming kishiga oshirdi. Yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 40 mingtaga yetkazilib, o‘rtacha harakat tezligi soatiga 23 kilometrdan 30 kilometrga oshirildi. Xavfsizlik darajasi ham oshdi, YTHlar soni sezilarli darajada kamaydi.

Modernizatsiya doirasida 21 ta yangi avtobus bekati va 463 ta “aqlli” svetofor o‘rnatildi, intellektual transport tizimi joriy etildi. Avtoturargohlar, velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, sug‘orish va drenaj tizimlari ham ko‘zda tutilgan.

Shundan so‘ng prezidentga ajratilgan avtobus yo‘laklari tarmog‘ini kengaytirish, poytaxt atrofida transport bog‘lamalari tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi.

Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtayi nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz, — dedi prezident.

Davlat rahbari mutasaddilarga jamoat transporti uchun qulayliklarni oshirib, tirbandlikni kamaytirish, shaharni Yangi Toshkent bilan samarali bog‘lash borasida topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Toshkent bo‘ylab kortejsiz yurib, tirbandlikka uchragandi. Safardan so‘ng prezident IIV rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, yo‘llardagi muammolarni shaxsan ko‘rishni taklif qilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная