Prezident oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlarini ishdan oldi
Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini mutasaddilar hali to‘liq tushunib yetmaganini ta’kidladi.

9-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev maktabgacha va maktab ta’limi sohasini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilishini ma’lum qildi.
Prezident maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘layotgani, dasturlar ishlayotgani, natijalar borligini ta’kidladi. Biroq professional va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar ta’limdagi islohotlar mazmun-mohiyatini hali to‘liq anglab yetgani yo‘q.
Shu munosabat bilan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari — birinchi o‘rinbosar Shohrux Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Prezident administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adham Xudayqulov va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev yangi ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Endi maktabgacha va maktab ta’limi vazirlari, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar profilaktika va proaktiv ishlarga o‘tishi, ta’limning barcha sohalarida keskin o‘zgarishlarni amalga oshirishi zarur.
Eslatib o‘tamiz, 62 yoshli Qo‘ng‘irotboy Sharipov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbari lavozimida qoldi.
Izohlar