Mudofaa vazirligi: Xorazmda portlagan snaryadni harbiylar emas cho‘ponlar qazib olib sotgan
Vazirlik askarlar bu ishga aloqador ekani haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Mudofaa vazirligi Xorazmdagi temir-tersak qabul qilish punktida snaryad portlagani, uni sotishda Qoraqalpog‘istondagi harbiylar ayblanayotgani haqidagi ma’lumotga izoh berdi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, snaryad Mudofaa vazirligi yurisdiksiyasiga kirmaydigan hududda mahalliy cho‘ponlar tomonidan qazib olingan.
“Bunday holatlarda fuqarolar xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga zudlik bilan xabar qilishi shart,” — deyiladi vazirlik xabarida.
Bayonotda aytilishicha, harbiy xizmatchilarning ushbu hodisaga hech qanday aloqasi yo‘q va jinoiy javobgarlikka tortilmagan. Shu bilan birga, ushbu turdagi snaryadlar O‘zbekiston Qurolli Kuchlari qurollarida mavjud emas, u 1970-yillarda qo‘llanilgan. Hozirda holat yuzasidan Harbiy prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Blogerlar va OAV vakillaridan ma’lumotni noto‘g‘ri talqin qilishdan tiyilish so‘raldi, yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun javobgarlik borligi eslatildi.
Shu bilan birga, Kun nashrining xabarida metallom qabul qilish punktida yana 30 ta snaryad borligi aytilgan. Mudofaa vazirligi bu ma’lumotga hech qanday izoh bermadi.
Izohlar