O‘zbekiston DXX rahbari Bahodir Qurbonov Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyevga xavfsizlikka tahdid solayotgan dolzarb xavf-xatarlar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot berdi.

Bahodir Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning Oliy Majlis va xalqqa murojaatnomasida ko‘rsatilgan tahdidlar nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa uchun dolzarb bo‘lib qolmoqda. U asosiy chaqiriqlarni terrorizm va buzg‘unchi g‘oyalarning tarqalishi, shuningdek, transchegaraviy tahdidlar deb atadi.

Virtual makon, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar aholi orasida buzg‘unchi g‘oyalarni tarqatishning asosiy manbaiga aylanib, diniy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Transchegaraviy tahdidlar, jumladan, narkotrafik, qurol-yarog‘ va tovar-moddiy boyliklarning davlat chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tilishi ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmayapti, — dedi u.

2025-yilda Tojikiston va Turkmaniston bilan 1482 km uzunlikdagi umumiy chegara belgilandi, 790 ta chegara belgilari o‘rnatildi. Bundan tashqari, DXX rahbarining ta’kidlashicha, 453 km himoya to‘siqlari, 287 km chegara yo‘llari qurilgan, 44 ta elektron signalizatsiya majmualari o‘rnatilgan.

Chegarani buzganlar soni 1,5 barobarga kamaydi, tovar-moddiy boyliklarni musodara qilish hajmi esa 20 foizga oshdi. Bahodir Qurbonov, shuningdek, chegaradagi 9 ta nazorat-o‘tkazish punkti infratuzilmasini kengaytirish va modernizatsiya qilish zarurligini ta’kidladi. Iqtisodiyot, tashqi savdo va turizmning o‘sishi fonida chegarani kesib o‘tayotgan shaxslar va transport vositalari soni har yili o‘rtacha 15 foizga oshmoqda.

Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi ko‘payib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi. 2024-yilda 1,7 tonna giyohvand moddalar musodara qilingan bo‘lsa, 2025-yilda 3,6 tonnaga yetdi. Qo‘lga olingan jinoyatchilar soni 2600 nafardan 4500 nafarga, yo‘q qilingan yashirin narkolaboratoriyalar soni 8 tadan 15 taga yetdi.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sintetik giyohvand moddalarning tarqalishi katta tashvish uyg‘otmoqda. 2025-yilda 180 kg dan ortiq sintetik moddalar va 1 mln dozadan ortiq psixotrop dori vositalari olib qo‘yildi.

Xavotirli jihati shundaki, ularni iste’mol qilish boshlanganidan so‘ng organizmda qisqa vaqt ichida ularga qaramlik shakllanadi, — dedi DXX rahbari.

Davlat xavfsizlik xizmati rahbari korrupsiyaviy tahdidlarga qarshi kurashish haqida gapirar ekan, nazorat, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat tuzilmalarida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, tovlamachilik va boshqa korrupsiyaviy jinoyatlar holatlari hamon saqlanib qolayotganini ma’lum qildi.

2025-yilda korrupsiya va boshqa jinoyatlarga aloqador bo‘lgan 1083 nafar xodim davlat organlari tizimidan chiqarilgan. Shundan 661 nafari jinoiy javobgarlikka tortilib, sudlangan.

Shu bilan birga, davlat idoralarida maishiy korrupsiya holatlari hamon saqlanib qolmoqda, — deya u inson omili yuqoriligi va jarayonlar yetarli darajada raqamlashtirilmaganini ta’kidladi.

2026-yil Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha favqulodda choralar yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan asosiy e’tibor korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan jarayonlarni raqamlashtirish, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, diniy radikallashuvga olib keluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy va tashkiliy asoslar takomillashtirildi. Xususan, voyaga yetmaganlarga “hujra” sharoitida noqonuniy diniy ta’lim berganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Hurmatli prezident, shuni alohida ta’kidlashga majburmiz: aynan siz bu muammoga e’tibor qaratib, O‘zbekistonimiz farzandlari va yoshlarini diniy radikalizm tahdidlaridan himoya qilishga qaratilgan tashabbusni ilgari surib, tegishli topshiriq berdingiz. Afsuski, siz e’tibor berguningizga qadar nafaqat bizning xizmatimiz, balki boshqa mas’ul idoralar ham harakatsiz qolayotgan edi, — dedi Qurbonov.

Avvalroq O‘zbekiston chegarasini Bayraktar dronlari qo‘riqlay boshlagani haqida xabar berilgandi. Uchuvchisiz uchish apparati uchun maxsus bo‘linma tashkil etildi.