Toifasiz

Bosh prokuratura ommaviy zaharlanishni tekshirish uchun ishchi guruh tuzdi

Shifoxonalarda yana o‘nlab bolalar qolmoqda.

Bosh prokuratura Toshkent viloyatidagi bolalar bog‘chalarida ommaviy zaharlanish holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzdi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Jinoyat ishi har tomonlama, to‘liq va sifatli tergov qilinishi uchun Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan. Shuningdek, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev boshchiligida maxsus ishchi guruh tuzilgan. Tekshiruv davomida maktabgacha yoshdagi bolalarning barchasi to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ayni paytda tibbiy yordam ko‘rsatilgan bolalar orasida og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlar yo‘q, vaziyat to‘liq shifokorlar nazoratiga olingan, — deyiladi xabarda.

Bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida prokuratura organlari tomonidan barcha davlat bog‘chalarida autsorsing shartnomalari asosida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish holatlari o‘rganilishi tashkil etildi. Tergov harakatlari davom etmoqda, ular yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.

Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, 29 sentyabr soat 12:00 holatiga ko‘ra, shifoxonalarda 38 nafar bola qolmoqda. Uning ta’kidlashicha, tez orada ular ham uyga javob beriladi. Ota-onalarga farzandlarining salomatligi to‘g‘risida muntazam ravishda ma’lumot berib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, voqea 24-sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarida bolalar bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishidan shikoyat qilishgan. SSBB tergov boshlanganini ma’lum qildi. Zaharlanish Oqqo‘rg‘on tumanida ishlab chiqarilgan sifatsiz 3,2% yog‘li kefir tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, ommaviy zaharlanish Toshkent viloyatining yana bir tumani — Quyi Chirchiq tumanida kuzatilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Aybdorlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

25-sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova va vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Yuzdan ortiq bola shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar kelib tushdi.

26-sentyabr kuni jabrlangan bolalarning umumiy soni 1940 kishiga yetdi. Oqqo‘rg‘on tumanidagi shifoxonalarga 413 nafar bola, Bo‘ka tumanida 537 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi, Piskent tumanida 430 nafar tarbiyalanuvchi, Quyi Chirchiq tumanida 64 nafar, Bekobod tumanida 98 nafar, Olmaliq tumanida 285 nafar, Nurafshon tumanida 113 nafar bola ovqatdan zaharlanishdan shikoyat qilib murojaat qilgan.

“Adolat” fraksiyasi a’zolari vaziyatni o‘z nazoratiga olib, holatni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotganini tushuntirib berish yuzasidan Bosh prokuraturaga parlament so‘rovi yuborgan. Deputatlar parlament va mahalliy kengashlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzdilar.

27-sentyabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakili Nurmat Otabekov ommaviy zaharlanish bo‘yicha izoh berdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida maxsus shtab tashkil etildi. Bolalarga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan, bu odatda rotaviruslar yoki ichak tayoqchalari tomonidan qo‘zg‘atiladi.

Shu bilan birga, huquq-tartibot idoralari bolalarni zaharlashga aloqador yetti kishini hibsga oldi. Hibsga olinganlarning uch nafari oziq-ovqat sanoati korxonasi rahbarlari. Yana to‘rt kishi — bolalar bog‘chalariga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi autsorsing kompaniyalari rahbarlari. Ish IIVga topshirildi.

Bolalar ombudsmani matbuot xizmati holat fonida maktab va bog‘chalarda bolalar ovqatlanishi sohasidagi nazoratni qayta ko‘rib chiqish zarurligi haqida bayonot berdi. Bolalar ovqatlanishi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzishda inson omilini minimallashtirish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish zarurligi ma’lum qilindi.

28-sentyabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov bog‘chalarda zaharlanishdan jabrlangan yana 182 nafar bola shifoxonalarda qolayotganini ma’lum qildi. Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, jami 960 dan ortiq bola kasalxonaga yotqizilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная