10 Avgust 2024, 08:27 Sport, Oʻzbekiston

Prezident chempionlar — Ulug‘bek Rashitov va Hasanboy Do‘smatov bilan telefonlashdi

Shavkat Mirziyoyev ikki karra Olimpiyada chempionlari Ulug‘bek Rashitov va Hasanboy Do‘smatov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident chempionlar — Ulug‘bek Rashitov va Hasanboy Do‘smatov bilan telefonlashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parij Olimpiadasida o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritgan hamda ikki karra olimpiya chempioniga aylangan taekvondochi Ulug‘bek Rashitov va bokschi Hasanboy Do‘smatov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari sportchilarni qizg‘in tabriklab, terma jamoamiz tomonidan bir kun ichida Olimpiadaning ikkita oltin medali qo‘lga kiritilgani O‘zbekiston sporti uchun tarixiy voqea bo‘lganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Yigitlarning dadil va ishonchli chiqishlari, tengsiz mahorati va mardligi chinakam qahramonlik namunasi bo‘lgani, Yangi O‘zbekistonning yoshlari nimalarga qodir ekanini ko‘rsatgani, xalqimizga ulkan kuch va g‘urur bag‘ishlaganini taʼkidladi. Murabbiylari, ota-onasi va yaqinlariga minnatdorlik bildirdi.

Ulug‘bek Rashitov va Hasanboy Do‘smatov alohida eʼtibor va ishonch, sportchilarga barcha sharoitlar yaratilgani uchun davlat rahbariga tashakkur izhor etib, ushbu g‘alabalarni Yangi O‘zbekistonga bag‘ishlashganini aytishdi.

Mashhur yangiliklar