Paralimpiyada. Oʻzbekistonning oltin medallari soni 10 taga yetdi
Para yengil atletikachi Nurxon Qurbonova oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtayotgan Paralimpiya oʻyinlarining para yengil atletika boʻyicha ayollar oʻrtasida F54 klassida nayza uloqtirish dasturida final bahslari yakunlandi. Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan Nurxon Qurbonova 21.12 metr natija qayd etgan holda Jahon rekordini yangiladi va delegatsiya hisobiga 10-oltin medalni qoʻshib qoʻydi.
Aytish joiz, F54 klassida nayza uloqtirish boʻyicha amaldagi Jahon rekordi ham aynan Nurxon Qurbonovaning oʻziga tegishli edi. Oʻzbekistonlik sportchi joriy yil Yaponiyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida 20.73 metr natija bilan eski rekordni yangilashga muvaffaq boʻlgandi.
Maʼlumot uchun, Nurxon Qurbonova bunga qadar Tokio-2020 yozgi Paralimpiya oʻyinlarida kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan.