10 Dekabr 2024, 11:55 Sport

OʻzPFL futbolchilarga minimum maosh miqdorini belgiladi

O‘zbekistonda futbolchilar uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan eng kam oylik belgilandi.

OʻzPFL futbolchilarga minimum maosh miqdorini belgiladi

Superligada ro‘yxatdan o‘tadigan mehnat shartnomalarida minimal oylik belgilandi. Unga ko‘ra endi klub o‘z futbolchisiga ushbu summadan kam bo‘lmagan maosh belgilashi lozim. Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar bermoqda.

“Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, professional futbol klublarida oylik-maoshlarning yuqori miqdori oshishda davom etmoqda, biroq yosh iqtidorlarni rag‘batlantirish masalasida qator muammolar mavjud. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ko‘rinishida maosh olayotgan futbolchida o‘zining oylik chiqimlarini qoplash bilan bog‘liq qiyinchiliklar bor. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi hamkorlikda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga mazkur masalada qo‘shma taklif kiritdi. Har uch tashkilot hamkorlikda yakdil qaror qabul qilguniga qadar, Liga mehnatga haq to‘lashning besh barobar miqdoridan kam bo‘lgan mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmaydi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumot uchun bugungi, 10-dekabr holatiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 155 ming so‘m. Shunga ko‘ra, endilikda futbolchi 5 million 775 ming so‘mdan kam bo‘lmagan oylik maosh bilan ta’minlanishi lozim.

Shuningdek, mashg‘ulot kompensatsiyasi va shu bilan bog‘liq masalalar yanada aniqroq ko‘rinishda tartibga solinadi hamda kelishish uchun FIFAga taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Mashhur yangiliklar