13 Dekabr 2024, 17:58 Sport

O‘zbekistonlik bokschi raqibini tishlab oldi va oltin medaldan quruq qoldi

Oʻzbekiston jamoasining Osiyo chempionatida qoʻlga kiritgan oltin medallari soni bittaga kamaydi.

O‘zbekistonlik bokschi raqibini tishlab oldi va oltin medaldan quruq qoldi

Oʻzbekistonlik bokschi Havasbek Asadullayev qozogʻistonlik raqibi Ablayxon Jusupovni tishlab olgani tufayli diskvalifikatsiya qilindi. Osiyo boks konfederatsiyasi qaroriga koʻra, uning oltin medali raqibiga berildi.

-71 kg vazn toifasida jang qiluvchi Havasbek Asadullayev 11-dekabr kuni Tailandda oʻtkazilgan Osiyo chempionati finalida qozogʻistonlik Ablayxon Jusupovni magʻlub etgandi. Ammo jang vaqtida u raqibining yelkasidan tishlab olgan.

Ammo Asadullayev IBA oʻyin qoidalarining 21.1.8 bandi boʻyicha tasniflangan harakat, yaʻni raqibni tishlagani hakam tomonidan eʻtibordan chetda qolgan. Qozogʻiston boks konfederatsiyasi Osiyo chempionatiga bu haqda norozilik xati yuborib, qoidabuzarlikni isbotlovchi surat va videolar borligini maʻlum qilgan.

Shundan soʻng boks chempionatining texnik vakili, irlandiyalik Sadi Daffi Havasbek Asadullayevni jangdagi jiddiy qoidabuzarligi uchun diskvalifikatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Cheklov qancha muddat amal qilishi maʻlum emas.

“Raqib tishlashi referi tomonidan eʻtiborsiz qoldirilgan, ammo keyingi bosqichda aniqlangan”, deya qayd etgan konfederatsiya.

Turnir yakuniga koʻra, Oʻzbekiston 8 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalni qoʻlga kiritib, birinchi oʻrinni egallagandi. Keyingi oʻrinni Qozogʻiston (4–6–1) egallagandi.

Qoidalarga koʻra, agar bokschi biror sababga koʻra diskvalifikatsiya qilingan boʻlsa, uning raqibi jang gʻolibi deb eʻlon qilinadi. Shu tufayli qozogʻistonlik Ablayxon Jussupovni ushbu vazn toifasi gʻolibiga aylandi va Oʻzbekiston jamoasining Osiyo chempionatida qoʻlga kiritgan oltin medallari soni ham bittaga kamaydi.

Mashhur yangiliklar