Eldor Shomurodov sobiq jamoasiga qaytishi mumkin
O‘zbekistonlik hujumchi “Kalyari”dan qaytgach, o‘zini ko‘rsata olmagani bois katta ehtimol bilan ijaraga beriladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rimning “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodovga Italiyaning bir nechta klublari qiziqish bildirmoqda.
“Romapress”ga ko‘ra, o‘zbekistonlik hujumchi “Kalyari”dan qaytgach, o‘zini ko‘rsata olmagani bois katta ehtimol bilan ijaraga beriladi.
“La Gazzetta dello Sport” nashri unga “Empoli”, “Kalyari” va “Venetsia” klublari qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.
Tez orada “Kalyari” 29 yoshli futbolchi transferi yuzasidan muzokaralarni boshlashi kutilmoqda.
Eldor 2023—24-yilgi mavsumni ushbu klub safida o‘tkazgan va 24 o‘yinda maydonga tushgan va 3 ta gol hamda bitta golli uzatmani amalga oshirgan.
Shuningdek, Shomurodov “Roma” safida jami 62 o‘yinda qatnashib, 8 ta gol urgan va 7 ta golli pas bergan. “Transfermarkt” portali O‘zbekiston termasi sardorining bozor qiymatini 4 million yevroga baholagan. Futbolchining Rim klubi bilan shartnomasi 2026-yil yozigacha amal qiladi.