
Boks 2028-yilda Los-Anjelesda oʻtkaziladigan Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritiladi
Olimpiya boksini World Boxing xalqaro boks federatsiyasi rivojlantiradi.

XOQ Gretsiyada boʻlib oʻtgan 144-sessiyasida boksni 2028-yilgi Los-Anjeles Olimpiya oʻyinlari dasturiga uzil-kesil qabul qilganini qoʻmita matbuot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) havaskor boksni deyarli 100-yil davomida boshqarib kelgan, biroq 2019-yilda assotsiatsiya bir qator korrupsiya va moliyaviy janjallar, jumladan, 2012-yilgi London va 2016-yilgi Rio-de-Janeyro oʻyinlaridagi mojarolar hamda kelishilgan oʻyinlar ishtirokchisiga aylangan.
Ushbu voqealardan soʻng XOQ IBAni Olimpiadalarda boksni tashkil etish huquqidan mahrum qildi, shu sababli boks 2028-yilgi Olimpiada oʻyinlari yoʻnalishlari roʻyxatiga kiritilmagan edi. Bugungi kunda boks assotsiatsiyasiga rossiyalik tadbirkor Umar Kremlyov rahbarlik qilmoqda, uning yagona homiysi esa Rossiyaning “Gazprom” davlat konserni hisoblanadi.
2024-yilda Parijda oʻtkaziladigan Olimpiya oʻyinlarida boks boʻyicha musobaqalar XOQning maxsus ishchi guruhi rahbarligida boʻlib oʻtdi, bu esa “Olimpiya harakati uchun ushbu sport turining ahamiyatini taʼkidladi”. Taʼkidlanishicha, bundan buyon olimpiya boksini 2023-yilda tashkil etilgan World Boxing xalqaro boks federatsiyasi rivojlantiradi. Hozirgi paytda uning tarkibiga 84 ta milliy federatsiya kiradi, ular orasida Oʻzbekiston federatsiyasi ham bor.
XOQning vaqtinchalik eʼtirofi World Boxing tashkilotiga boksni rasman 2028-yilgi Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish va uning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash imkonini berdi.
Soʻnggi yangiliklar







