6 Mart 2025, 23:46 Sport

Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov muxlislar tomonidan “Manchester Siti”da oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. U rekord darajada ovoz olib, Erling Holand va Yoshko Gvardiolni ortda qoldirdi.

Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov muxlislar tomonidan “Manchester Siti”ning fevral oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. U ovozlar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi.

“O‘zbekistonlik himoyachi klubga to‘rt yarim yillik shartnoma asosida kelib qo‘shilganidan olti hafta o‘tib, Pep Gvardiola qo‘l ostida o‘zining himoyadagi mustahkam, tezkor va ishonchli o‘yini bilan „shaharliklar“ muxlislari mehrini qozondi. Aynan shu fazilatlar unga Erling Holand va Yoshko Gvardiolni ortda qoldirib, sovrin tarixidagi eng ko‘p ovozni olishga imkon berdi”, — deyiladi xabarda.

Yaqinda tug‘ilgan kunini nishonlagan (29-fevralda tug‘ilgan) 21 yoshli futbolchi shu oy boshida “Siti” safidagi ilk golini kiritdi — Angliya kubogi doirasida “Plimut Argayl”ga qarshi o‘yinda (2:1) hisobni tenglashtirdi.

So‘ng Husanov Premyer-ligada “Nyukasl”, “Liverpul” va “Tottenhem”ga qarshi o‘yinlarda to‘liq o‘ynadi va fevralni yuqori darajada yakunladi.

“Qarg‘alar” va “shporlar”ga qarshi ikki g‘alaba va ikki “quruq o‘yin”, shuningdek, Husanov shunda ham “Siti”ning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan “Liverpul”dan uchralgan mag‘lubiyat uning ingliz futbolidagi ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatdi, deyiladi klub xabarida.

“Manchester Siti” Husanovni munosib sovrini bilan tabrikladi va muxlislarga qo‘llab-quvvatlagani va ovoz bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Mashhur yangiliklar