“U bizni sotib olish ehtimoli ko‘proq”: O‘zbekiston Superkubogi sohibi “Nasaf”ga Ronaldu bilan shartnoma imzolash taklif qilindi
Klub bosh murabbiyi Elit Osiyo Chempionlar Ligasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun tarkibni kuchaytirish kerakligini, ammo shov-shuvli transferlarni kutmaslik ma’qulligini ta’kidladi.

“Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekiston Superkubogi finalida “Andijon” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin Krishtianu Ronaldu bilan shartnoma imzolash taklifiga istehzo bilan javob qaytardi.
Berdiyevning so‘zlariga ko‘ra, klub kuzda OCHL elitasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun tarkibni kuchaytirishi kerak.
“Kuchaytirish kerak bo‘lgan pozisiyalar bor. Klub prezidenti bilan gaplashyapmiz. Agar munosib futbolchi topsak, tarkibni albatta kuchaytiramiz”, — deya javob berdi u.
Shu nuqtayi nazardan, u “shov-shuvli” transferlarni kutmaslik kerakligini ta’kidladi, chunki O‘zbekistonda sensatsiya deyarli mumkin emas. Ro‘ziqul Berdiyevga portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu hozirda erkin agent ekani eslatildi.
“Biz uni sotib olishimizdan ko‘ra, u bizni sotib olishi ehtimoli ko‘proq”, — dedi “Nasaf” bosh murabbiyi qisqa qilib
.
Eslatib o‘tamiz, portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu Forbes talqiniga ko‘ra, ketma-ket uchinchi marta dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchilari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. 40 yoshli futbolchining yillik daromadi 275 mln dollarni tashkil etadi.
Izohlar