Shavkat Mirziyoyev UWW rahbariga “Do‘stlik” ordenini topshirdi
Nenad Lalovich O‘zbekistonda ommaviy sport va yakkakurashlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun mukofotga sazovor bo‘ldi.

13-oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev United World Wrestling (Birlashgan kurash dunyosi, UWW) tashkiloti rahbari Nenad Lalovichni qabul qildi va uni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
UWW rahbari mamlakatda ommaviy sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Xususan, zamonaviy va arzon infratuzilmani rivojlantirish, nufuzli turnir va musobaqalarni muntazam o‘tkazib borish, yoshlarni sport harakatiga faol jalb etish.
Shuningdek, O‘zbekistonda yirik qit’a va jahon chempionatlarini tashkil etish, federatsiya shafeligida Mintaqaviy kurash akademiyasini tashkil etish, sport tibbiyoti, diyetologiya, psixologiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda sheriklik qilish masalalari muhokama qilindi.
Prezident bolalar va yoshlar o‘rtasida yakkakurash sport turlarini ommalashtirish, iste’dodlarni tanlash va tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish, mahallalardagi to‘garak va zallardan tortib sport mahorat maktablari va ixtisoslashgan majmualargacha bo‘lgan infratuzilmani yaxshilash muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ommaviy sport va yakkakurashlarni rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun Nenad Lalovichga “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, prezident yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionati g‘olibiga kvartira sovg‘a qilgan edi. Aytjan Xolmaxanov ushbu sport turi bo‘yicha O‘zbekistonga 24 yil ichida ilk oltin medalni keltirdi.
Izohlar