O‘zbekistonlik tennischilar Rolan Garros Junior Series saralash bosqichining chorak finaliga yo‘l oldi
Yigit-qizlar o‘rtasidagi musobaqada g‘olib va sovrindorlar Yaponiyadagi finalda ishtirok etadi.

O‘zbekistonlik besh nafar sportchi Rolan Garros Junior Series by Renault musobaqasining saralash bosqichida chorak finalga yo‘l oldi, deya xabar bermoqda mamlakat tennis federatsiyasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, musobaqa 2025-yilning 4-9-avgust kunlari Olmaota shahrida bo‘lib o‘tadi. Turnir Markaziy va G‘arbiy Osiyoning 16 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi o‘yinchilarini birlashtiradi va Fransiya tennis federatsiyasi, Osiyo tennis federatsiyasi va Renault Group homiyligida o‘tkaziladi.
Yigit-qizlar o‘rtasida g‘olib va sovrindorlar 2025-yilning oktyabr oyida Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan finalda ishtirok etadi. Final g‘oliblari 2026-yilda “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi qizil tuproqli yagona turnir — “Rolan Garros”da ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Chorak finalda O‘zbekistondan o‘g‘il bolalar o‘rtasida to‘liq tarkib ishtirok etadi: Mahmudbek Beknazarov, Abdurahmon Karimov, Akmal Abdullayev, Alan Zinatulin. Barcha sportchilar guruh bosqichida ishonchli o‘yin ko‘rsatishdi va o‘z guruhlaridagi muhim uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, turnirning eng yaxshi 8 taligiga kirishdi.
Qizlar o‘rtasida mamlakatimiz sharafini turnirning qizlar o‘rtasida eng kuchli bo‘lgan va 1-8-o‘rinlar uchun pley-offga chiqqan yagona O‘zbekiston vakili Keyra Kim himoya qiladi. Saralash bosqichining final o‘yinlari 9 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Toshkentda stol tennisi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgandi. Chempionat yuzlab sport mutaxassislarini birlashtiradi.
Izohlar