O‘zbekiston dzyudochilari jamoaviy-mikst yo‘nalishida kumush medalni qo‘lga kiritdi
Sportchilar finalda yakkakurashlar vatani vakillariga imkoniyatni boy berishdi.

O‘zbekistonlik dzyudochilar o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatining jamoaviy-mikst yo‘nalishida kumush medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.
Turnir Bolgariyaning Sofiya shahrida bo‘lib o‘tdi. 31-avgust kuni jamoaviy miks yo‘nalishida kuchlilar aniqlandi. O‘zbekiston terma jamoasi saralash bosqichida Fransiya, Qozog‘iston va Mo‘g‘uliston jamoalarini mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, finalda Yaponiya terma jamoasi bilan to‘qnash keldi.
Hal qiluvchi bellashuv dzyudo vatani vakillari foydasiga hal bo‘ldi va o‘zbekistonliklar ikkinchi o‘rinni egalladi. Dzyudochilarimiz yakkalik bahslarida 5 ta oltin va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Avvalroq Diyora Keldiyorovaning yaponiyalik Uta Abe ustidan qozongan g‘alabasi “Yil voqeasi” bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Parijda Xalqaro dzyudo federatsiyasi o‘tgan mavsum yakunlarini sarhisob qilib, sovrinlarni topshirdi.
Izohlar