Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov jamoaning 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarligi haqida gapirdi, deb xabar bermoqda FIFA matbuot xizmati.
Futbolchining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sportga, xususan, futbolga bo‘lgan munosabat sezilarli darajada yaxshilandi. U kelajakdagi rejalari haqida gapirib, xalqaro maydonda o‘zbek sportiga qiziqish yuqori ekanligini tasdiqladi.
Bolaligimda terma jamoa JChga chiqa olmaganida muxlislar xavotirga tushgani esimda. Bugun vaziyat butunlay boshqacha. Prezidentimizning sportga e’tibori, yaratilgan sharoitlar tufayli muxlislarning jamoaga ishonchi ortdi. Futbolchilar Yevropaning eng kuchli klublarida o‘ynay boshladi, — dedi hujumchi.
Janubiy Surxondaryo viloyati tarbiyalanuvchisi nafaqat milliy terma jamoaning yetakchi to‘purariga, balki butun mintaqa futboli muvaffaqiyatining ramziga aylandi. Uning Rossiya, Italiya va Turkiyadagi muvaffaqiyatli faoliyati o‘zbek futbolchilarining jahon maydonlaridagi raqobatbardoshligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston Portugaliya va Kolumbiya kabi terma jamoalar bilan birga “K” guruhidan joy oldi.
Bizning vazifamiz — guruhdan chiqish. Biz mamlakat sharafini himoya qilib, O‘zbekiston kuchli jamoa ekanini isbotlamoqchimiz. Kimdir bizni autsayder deb o‘ylashi mumkin, ammo bizning maqsadimiz hammani hayratda qoldirish. Jahon chempionatidagi ishtirokimiz nafaqat o‘zbekistonlik muxlislarni, balki Markaziy Osiyo futbol muxlislarini ham xursand qilmoqda. Agar munosib o‘yin ko‘rsatsak, o‘zbek futboli butun dunyo bo‘ylab yangi muxlislarni jalb qiladi, — dedi futbolchi.
FIFA ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi dunyoning yetakchi klublaridan birida to‘p surgan Krishtianu Ronaldu va Xames Rodriges kabi nomdor futbolchilar jamoalariga munosib zarba berishi mumkin. Ayni paytda Eldor Shomurodov Istanbulning “Bashakshehir” klubi sharafini himoya qilmoqda va 17 ta o‘yinda 12 ta gol urib, to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilmoqda.
Abduqodir Husanov va Abbos Fayzullayev kabi yosh iste’dodlar bilan birga Shimoliy Amerika maydonlarida o‘zbek futbolining yangi sahifasini ochishga tayyor, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda FIFA ofisi ochiladi. Tashkilot Futbol assotsiatsiyasi binosiga joylashtiriladi.























