Boks federatsiyasi Lazizbek Mullajonovning doping-testi bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi
Sportchining oltin medali bekor qilingani haqidagi ma’lumot soxta bo‘lib chiqdi.

Bokschi Lazizbek Mullajonovning musobaqa davridan tashqari olingan doping-namunasida taqiqlangan moddalar izlari aniqlangandan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda sportchi ilgari qo‘lga kiritgan oltin medal bekor qilinayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Boks federatsiyasi matbuot xizmati holatga izoh berdi.
2025-yil 11-iyun kuni Xalqaro antidoping agentligi mutaxassislari tomonidan musobaqadan tashqari doping nazorati paytida doping testi o‘tkazildi. Ushbu namunada musobaqa va musobaqadan tashqari davrda taqiqlangan modda bo‘lgan metasteron metabolitlari aniqlandi. Shundan so‘ng, sportchi musobaqadan chetlatildi va natijalarga e’tiroz bildirish huquqi berildi.
Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda bokschining avvalgi musobaqalarda qo‘lga kiritgan oltin medali bekor qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Vazirlik bu gaplarni rad etib, mazkur holat uning Olimpiya o‘yinlaridagi natijasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidladi.
Federatsiyada sportchi har doim antidoping qoidalariga qat’iy rioya qilgani va ilgari uning barcha doping testlari manfiy chiqqani, 2025-yil 11-iyunda olingan namunada haqiqatan ham taqiqlangan moddalar topilgani ma’lum qilindi. Biroq, idora 2024-yil 19-noyabr kuni bokschi Farg‘onadagi xususiy klinikada soch ko‘chirib o‘tkazganini ma’lum qildi.
“Taxminlarga ko‘ra, u to‘rt bosqichli operatsiya va keyingi davolanish jarayonida klinika tomonidan taqdim etilgan, tarkibida taqiqlangan moddalar bo‘lishi mumkin bo‘lgan dori vositalarini qabul qilgan”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston boks federatsiyasi va Lazizbek Mullajonovning o‘zi allaqachon Xalqaro test agentligiga barcha kerakli hujjatlarni taqdim etgan va hozirda sportchi ushbu masala bo‘yicha yakuniy qarorni kutmoqda.
Avvalroq boks 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishi haqida xabar berilgandi. Olimpiya boksini World Boxing xalqaro boks federatsiyasi rivojlantiradi.
Izohlar