Pul

Toshkentning Chilonzor tumanida yil yakuniga qadar kambag‘allik to‘liq bartaraf etiladi

Hukumat ishsizlik masalasini ham hal qilmoqchi.

Фото: ситуативное

Rasmiylar manzilli reja doirasida yil oxirigacha Toshkentning Chilonzor tumanida kambag‘allik va ishsizlikni to‘liq bartaraf etishni maqsad qilgan. Buning uchun oilalarning salohiyatini yuzaga chiqarish, mikroloyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda prezidentning hududdagi Eman materials sanoat zonasiga tashrifi chog‘ida ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, yil boshida tumanda kambag‘allik darajasi 7 foizdan yuqori bo‘lgan bo‘lsa, birinchi yarim yillikda 2,2 foizga tushgan. Prezident aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni doimo qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Investitsiyalarni faol jalb qilib, imkoniyatlarni aniq loyihalarga aylantirish, kichik korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Iqtisodiyot va investitsiya bo‘yicha mutasaddilarga tadbirkorlar bilan muntazam uchrashib, muammolarini hal qilib, takliflarini amalga oshirishga ko‘maklashish topshirildi.

Chilonzor sanoat zonasida o‘nga yaqin mebelsozlik korxonasi faoliyat yuritmoqda. Eman materials korxonasi loyiha tashabbuskorining 10 million dollarlik mablag‘i hisobiga tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 10 ming tonna furnitura va mebel qismlari ishlab chiqarilib, mamlakatimizdagi minglab kichik va o‘rta korxonalarga kooperatsiya asosida yetkazib berilmoqda. Yaqin kunlarda eksportga chiqish rejalashtirilgan.

Korxonada 200 kishi mehnat qilmoqda, Italiya, Turkiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilinib, mebelchi mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazi ochilgan. Shuningdek, tashkilot buyurtma asosida mebel ishlab chiqarish, loyihalash, bichish, jihozlarni ta’mirlash va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatadi. Bundan tashqari, majmua hududida shourum ochilgan bo‘lib, unda poytaxt ishlab chiqaruvchilarining brend mahsulotlari namoyish etilgan. Ushbu tizim sotuvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun ham, xaridorlar uchun ham qulaylik yaratadi.

Prezident ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Mebelsozlikda mahalliylashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ta’kidlandi.

Shu yerda Chilonzor tumanida tashkil etilgan “islohotlar shtabi” faoliyati haqida ma’lumot berildi. Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangi takliflar hamda kutilayotgan natijalar ko‘rib chiqildi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная