Samarqandda fuqaro telekommunikatsiya tarmog‘iga ulanib, qo‘shnilariga internet tarqatgani aniqlandi
Huquqbuzar ayrimlarga pul evaziga internetdan foydalanishga ruxsat bergan, endi u katta miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

Samarqand viloyatida fuqaro telekommunikatsiya tarmog‘iga noqonuniy ulanib, qo‘shnilariga internet tarqatgan, deb xabar bermoqda “O‘zkomnazorat” axborot xizmati.
Hodisa Oqdaryo tumanida sodir bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro uyida noqonuniy ravishda telekommunikatsiya tarmog‘ini yaratgan va radiorele qurilmasi orqali to‘qqiz nafar fuqaroga — ba’zilariga pullik asosda internet tarqatgan. Ushbu xizmatlarni ko‘rsatish uchun erkakda litsenziya, ruxsatnoma va shartnomalar bo‘lmagan.
Mazkur holat yuzasidan dalolatnomalar rasmiylashtirilib, aybdor shaxs va 9 nafar fuqaroga nisbatan 152-modda (Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibini buzish), 155-modda 2-qismi (Telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) va 165-modda (Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan ma’muriy choralar ko‘rilgan. Qoidabuzarlarga katta jarima solinadi.
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi aholi va tadbirkorlik subyektlarini telekommunikatsiya tarmoqlarini tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni taqdim etishda qonunchilik talablariga rioya etmaslik ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantiradi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mobil internet tezligi reytingida pastlagandi. Shu bilan birga, mamlakat simli internet tezligi bo‘yicha o‘z o‘rnini yaxshilagan.
Izohlar