Rasmiylar Toshkentni yuz milliard so‘mga obodonlashtirishni rejalashtirmoqda
Ajratilgan mablag‘ evaziga elektr tarmoqlari va transformatorlar yangilanadi, oliy o‘quv yurtlari jihozlanadi va bayram tadbirlari o‘tkaziladi.

Toshkent hokimiyati shahar muhitini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaharni obodonlashtirish bo‘yicha turli loyihalarga 126,7 mlrd so‘m ajratadi, deyiladi poytaxt xalq deputatlari kengashi qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 100 mlrd so‘m “Toshkent invest” kompaniyasi va Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida taqsimlanishi rejalashtirilgan. Yana 24 mlrd so‘m 300 kilometrdan ortiq past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 200 dan ortiq transformator punktlarini yangilashga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, tuman kengashlarini edo.ijro.uz tizimiga ulash uchun 12 mln so‘m ajratiladi. Qolgan mablag‘larni quyidagicha taqsimlash rejalashtirilgan:
- 621,3 mln so‘m — “Anhor-2” favvorasini ta’mirlash va “Ko‘ksaroy”da sug‘orish uchun quduq qazish;
- 518,1 mln so‘m — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram konserti o‘tkazish;
- 500 mln so‘m — Turin politexnika universitetiga qarashli oliy ta’lim muassasalari kafedralarini jihozlash;
- 360 mln so‘m — Yoshlar ishlari agentligining elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorligini so‘ndirish;
- 200 mln so‘m — mahallalardagi sport maydonchalarining ekologik va kadastr hujjatlari;
- 154,6 mln so‘m — Yoshlar eksperimental teatr-studiyasini tashkil etish;
- 90 mln so‘m — Chilonzor tumanidagi 2-sonli texnikumning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
- 70,8 mln so‘m — Universiada-2024 ishtirokchilari va murabbiylarining transport xarajatlari.
Avvalroq Toshkent hokimligi shahar maydonlari va ko‘chalari uchun gul ko‘chatlarini sotib olish va ekish uchun 10 mlrd so‘m ajratishi haqida xabar berilgandi. Mablag‘lar 2025-yilning I choragi uchun Davlat byudjetining oshirib bajarilgan daromadlar rejasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.
Izohlar