Pul

O‘zbekistonning ayrim aholisiga quduq qazish va suv nasoslarini o‘rnatish uchun pul ajratiladi

Ishlar bilan maxsus reyestrga kiritilgan tadbirkorlar shug‘ullanadi.

Фото: Ситуативное

Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidagi ehtiyojmand oilalarga hukumat tomonidan quduq qazish va suv nasoslarini o‘rnatish uchun pul ajratiladi, deb yozadi Norma.uz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hokimiyat bir martalik moddiy yordam o‘rniga aholiga artezian quduqlarini qazish, uylariga suv nasoslarini o‘rnatish va ichimlik suvi filtrlarini sotib olish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishga qaror qilgan. Jumladan, 2025-yil 1-iyuldan ehtiyojmand oilalarga ushbu ishlar xarajatining 90 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

Bunda xarajatlar BHMning 30 baravaridan oshmasligi kerak. Qayd etilishicha, mazkur xizmatlar “Ijtimoiy himoya yagona milliy tizimi” orqali aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi tadbirkorlik subyektlari reyestriga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Hukumat subsidiyalarni bir vaqtning o‘zida quyidagi shartlarga rioya qilgan holda taqdim etadi:

  • subsidiya oluvchilarning yashash joyida artezian qudug‘ini burg‘ulash, suvni tozalash uchun nasos va filtrni sotish va o‘rnatish ishlarini reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari amalga oshiradi;
  • mahalla raisi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining mas’ul vakillari bilan ish joyida quduqni burg‘ilash hamda nasos va filtr o‘rnatish fakti to‘g‘risida shartnoma tuzish kerak bo‘ladi;
  • shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining mas’ul xodimlari subsidiya oluvchilar tomonidan quduq qazish va nasos o‘rnatish natijasida olingan suvning yaroqliligi to‘g‘risida joyida xulosa berishi kerak.

Subsidiya olish uchun voyaga yetgan muomalaga layoqatli oila a’zosi yoki uning qonuniy vakili “Inson” markazlari yoki mahalladagi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilgan holda “Ijtimoiy himoya yagona milliy tizimi”da ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Tadbirkor o‘z navbatida belgilangan muddatda subsidiya oluvchining yashash manziliga yetib borib, artezian qudug‘ini burg‘ilab, suv nasosi va ichimlik suvi filtrini o‘rnatishi kerak.

Avvalroq issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalarni butunlay bekor qilmoqchi ekani haqida xabar berilgandi. “Issiqlik ta’minoti” kompaniyasi boshqaruvi raisi bunday tizim soha rivojiga to‘siq bo‘layotganini aytgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная