O‘zbekistonga qariyb 14 milliard dollarlik pul o‘tkazmalari kelib tushdi
Yil davomida o‘sish deyarli 25 foizni tashkil etdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 13,9 milliard dollarni tashkil etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 24 foizga yoki 2,7 mlrd dollarga, 2023-yilga nisbatan esa 66 foizga yoki 5,5 mlrd dollarga oshgan. Qayd etilishicha, xuddi shu davrda mamlakatdan 1,9 milliard dollar o‘tkazilgan, bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 127 million dollarga kam.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari yil boshidan buyon 12 mlrd dollardan oshdi. Birinchi yarim yillikda o‘tkazmalar 27 foizga oshib, 8,2 milliard dollarni tashkil etdi, ularning hajmi har oyda o‘sib bordi — yanvar oyidagi 1,06 milliarddan iyun oyida 1,78 milliardgacha.
Pul o‘tkazmalarining asosiy manbai Rossiya bo‘lib qolmoqda – 6,4 milliard dollar yoki umumiy hajmning 78 foizi. Yana 1,8 mlrd dollar Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston va Litvadan kelib tushgan.
Avvalroq Rossiyada migrantlarga o‘z maoshidan ko‘proq pulni xorijga o‘tkazishni taqiqlamoqchi ekanliklari haqida xabar berilgandi. Bu yashirin daromadlar, soliqdan qochish va kapitalni chet elga olib chiqib ketishdan qochishga yordam beradi.
Izohlar