O‘zbekistonda yuzlab “uzluksiz ishlaydigan” ko‘chalar paydo bo‘lishi mumkin
Hokimliklarda “tungi iqtisodiyot menejerlari” lavozimini joriy etish taklif qilindi.

Strategik islohotlar agentligi mutasaddi vazirliklar bilan birgalikda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqdi.
Unda 2030-yilgacha rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari va belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Hujjatga MDH, Yevropa Ittifoqi va uzoq xorij mamlakatlari tajribasi, shuningdek, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi biznes takliflari asos qilib olindi.
O‘zbekiston bo‘ylab 320 ta “kecha-kunduz ishlaydigan” ko‘cha va hududlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ularda 8 mingta kafe va restoranlar, shuningdek, 24/7 rejimida ishlaydigan 14,2 mingta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashadi. Yangi umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar maskanlar, Wi-Fi hududlar va mobil klinikalar tashkil etish, konsertlar, festivallar va boshqa tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi 11 mingdan ortiq ish o‘rinlarini yaratish va har yili 190 minggacha mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilish imkonini beradi.
“Kecha-kunduz ishlaydigan” ko‘chalarni viloyat va tuman markazlarida, shuningdek, aholisi 50 mingdan ortiq bo‘lgan shaharlarda tashkil etishga ruxsat berish taklif qilinmoqda. Uzunligi 800 metrdan 2 km gacha bo‘lgan zonalar turistik jozibadorligi yuqori bo‘lgan obyektlarni qamrab olishi kerak.
“Kecha-kunduz” ishlaydigan ko‘chalardagi obyektlar ikki toifaga bo‘linadi. Ularning bir qismi juma, shanba va yakshanba kunlari 24 soat, boshqalari har kuni soat 9:00 dan 3:00 gacha ishlaydi.
“Kecha-kunduz” ishlaydigan ko‘chalardagi obyektlar uchun shovqin me’yorlariga rioya qilish bo‘yicha aniq talablarni belgilash taklif qilinmoqda. Bunday hududlarning barchasida “Xavfsiz shahar” tizimi doirasida kunu tun videokuzatuv, IIV va Milliy gvardiya patrul xizmati tashkil etiladi.
Toshkent shahrining barcha tumanlari, shuningdek, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hokim o‘rinbosarlariga tenglashtirilgan “tungi iqtisodiyot menejerlari” lavozimlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ularga “kecha-kunduz” ishlaydigan ko‘chalarda infratuzilma yaratish, ularga sayyohlarni jalb qilish, tadbirlar tashkil etish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha mas’uliyat yuklatiladi.
“Kecha-kunduz” ishlaydigan ko‘chalarda avtomobillar harakati tezligi soatiga 20 km bilan cheklanadi. Zonalar yaqinida avtoturargohlar, shu jumladan ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil etiladi. Har bir “kecha-kunduz ishlaydigan” ko‘cha va hududga tanlov asosida boshqaruv kompaniyasi biriktiriladi.
Agentlikning ta’kidlashicha, bu chorani poytaxtning Mirobod tumani tadbirkorlari taklif qilgan. Uning vazifalariga quyidagilar kiradi:
- umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash;
- hududni obodonlashtirish, sanitariya jihatidan tozalash, chiqindilarni olib chiqib ketish;
- kommunal infratuzilmani ishchi holatda saqlab turish;
- ko‘cha va hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning kundalik muammolarini hal etishga ko‘maklashish.
Bundan tashqari, shahar mehmonlari va sayyohlar uchun “kecha-kunduz” ko‘chalar bo‘ylab tungi avtobus kruizlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Maxsus tungi yo‘nalishlar ularni aeroport va vokzallar bilan bog‘laydi.
Avvalroq Toshkentda tungi avtobuslarni yo‘lga qo‘yish ma’qullangani haqida xabar berilgandi. Yo‘l haqi kunduzgi yo‘nalishlardan farq qilmaydi.
Izohlar