O‘zbekistonda eng kam pensiya va nafaqalarning yangi miqdori belgilandi
To‘lovlar prezident qaroriga muvofiq oshiriladi.

O‘zbekistonda fuqarolar uchun pensiya va nafaqalarning yangi miqdori belgilandi, deyiladi prezident farmonida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab mamlakatda pensiya va nafaqalar, shuningdek, bolalar nafaqalari va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlari miqdori 10 foizga oshiriladi. Shuningdek, shu sanadan boshlab fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiya va nafaqalarning yangi miqdorlari belgilanadi. Xususan, farmonda quyidagilar belgilangan:
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — 1 012 000 so‘m;
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga to‘lanadigan nogironlik nafaqasi, shuningdek bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — 1 012 000 so‘m;
- 1941–1945-yillarda Ikkinchi jahon urushida nogiron bo‘lgan shaxslarga, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslariga va qamaldagi Leningradda ishlagan shaxslarga ustamalarni hisobga olgan holda eng kam pensiya — 4 462 000 so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 820 000 so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun yoshga doir nafaqa — 820 000 so‘m;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga nafaqa — 820 000 so‘m;
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi — bir nafar mehnatga layoqatsiz oila a’zosi uchun 820 000 so‘m (keyingi har bir mehnatga layoqatsiz oila a’zosi uchun 270 000 so‘m qo‘shiladi);
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchi oilaning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — 820 000 so‘m (keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosiga amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘langan holda).
Shuningdek, qayd etilishicha, 1-avgustdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHEKM) 1,271 mln so‘mgacha oshiriladi. Bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 412 000 so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq O‘zbekistonda nogironlik pensiyasi ham proaktiv shaklda tayinlanishi haqida xabar berilgandi. To‘lovni Face-ID yoki elektron imzo orqali olish mumkin bo‘ladi.
Izohlar