Pul

O‘zbekistonda biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yuzlab trillion mablag‘ ajratiladi

Pul ikki yil davomida ajratiladi.

O‘zbekistonda 2026 va 2027-yillarda biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 270 trillion so‘m ajratiladi, deyiladi prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti yakunlari bo‘yicha farmonida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat biznesning taklif va tashabbuslarini amalga oshirish, shuningdek, 15 mingta murojaatdagi tizimli muammolarni hal qilish imkonini beradi. Shundan 4 trln so‘mi davlat byudjetidan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalari infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Yana 5 trln so‘m drayver loyihalarni amalga oshirishga, 6 trln so‘m tanlangan tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish dasturlariga yo‘naltiriladi. Tijorat banklari tomonidan kichik va o‘rta biznesga 250 trln so‘m, jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 30 trln so‘m ajratiladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyalari tomonidan kamida 5 mingta tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish uchun 4 trln so‘m ajratiladi.

2026-yil 1-maydan boshlab tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish jarayonida ularning to‘lov qobiliyatini baholash uchun davlat organlari va xususiy sektor vakillarining xarajatlar (soliqlar, kommunal to‘lovlar, tranzaksiya operatsiyalari va boshqa ijobiy ko‘rsatkichlar), tovar aylanmasi, eksport operatsiyalari va boshqa ma’lumotlari asosida muqobil skoring tizimini joriy etish topshirildi.

Avvalroq prezident tadbirkorlarning soliq jarimalariga amnistiya e’lon qilgandi. Tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha kamchiliklarni 1-noyabrgacha tuzatishi mumkin.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная