Pul

O‘zbekistonda banklar o‘z ma’lumotlarining kiberxavfsizligini ta’minlaydi

Barcha bo‘lim va filiallarda xavfsizlikni ta’minlaydigan, shuningdek, sizib chiqish holatlari yuzaga kelganda chora ko‘radigan maxsus xizmatlar paydo bo‘ladi.

O‘zbekistonda banklar butun faoliyati davomida o‘z tizimlari va resurslarida axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash majburiyatini oladi, deyiladi Markaziy bank nizomida.

Ushbu rejani amalga oshirish uchun banklar va ularning filiallarida axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash xizmatini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, u ma’lumotlarning saqlanishini nazorat qiladi, shuningdek, ruxsatsiz hujumlarga urinishlar aniqlanganda zarur choralarni ko‘radi. Bundan tashqari, xizmatlar ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, tijorat banklari axborot xavfsizligi sohasida ichki siyosatni ishlab chiqishi va qabul qilishi kerak bo‘ladi. Xususan, o‘z IT-infratuzilmasini, shuningdek, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash tizimlarini boshqarish, nazorat qilish va uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni autsorsingga topshirish mumkin bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, banklar ma’lumotlarni saqlash uchun bankning asosiy va zaxira ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarida barcha axborot aktivlari, axborotni himoya qilish vositalari, ma’lumotlar bazalari va serverlarini joylashtirishi kerak bo‘ladi. Bunday markazlar ma’lumotlarning saqlanishini qat’iy nazorat qiladi va maxfiy ma’lumotlarning, shu jumladan bank siri bo‘lgan ma’lumotlarning sizib chiqishini oldini oladi.

Ularni bank binosida, uning filiallarida, MBning bulutli texnologiyalar asosida tashkil etilgan data-markazida yoki davlat data-markazlarida tashkil etish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, ma’lumotlarni, shu jumladan yong‘in, zilzila, suv toshqini va boshqa favqulodda vaziyatlardan himoya qilish uchun banklar asosiy markazdan kamida 50 km uzoqlikda ma’lumotlarni qayta ishlash zaxira markazini yaratishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, banklar tizimdagi xatolar va tashqi salbiy ta’sirlar tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan axborot va kiberxavfsizlik xatarlarini boshqarish tizimini yaratishi kerak bo‘ladi. Bunda bajarilgan ishlar darajasi MBning reyting axborot tizimida aks ettiriladi. Xavfsizlik bilan bog‘liq barcha jiddiy hodisalar haqida banklar regulyator va vakolatli davlat organlariga xabar berishi shart. Qayd etilishicha, hujjat 20-noyabrdan kuchga kiradi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar kreditlar xavfi haqida ogohlantirilishi haqida xabar berilgandi. Banklar kredit shartlaridagi o‘zgarishlarni mijozlarga yetkazish majburiyatini oladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная