O‘zbekiston meva-sabzavot sotishdan qancha daromad oldi?
Respublika oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchi mamlakatlar orasida birinchi o‘rinda turadi.

2025-yil boshidan O‘zbekistonda oziq-ovqat eksporti 37 foizga o‘sib, 3 milliard dollarga yetdi. Mutaxassislarning bashoratlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 3,2 milliard dollardan oshishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbarining “Ko‘ksaroy” qarorgohida qishloq xo‘jaligi xodimlari bilan uchrashuvida bog‘ va tokzorlarni yangilash, sabzavotchilikni rivojlantirish borasidagi jadal sa’y-harakatlar sezilarli natijalar berayotgani ta’kidlandi. Xususan, uch yilda mamlakatimizda 155 ming gektar bog‘ va tokzorlar barpo etilib, intensiv bog‘lar maydoni 150 ming gektarga yetkazildi.
Shuningdek, mutaxassislar 2025-yilda 3,4 million tonna meva, 2 million tonna uzum, 19,5 million tonna sabzavot, qovun va kartoshka, 1 million tonna dukkakli va moyli ekinlar yetishtirilganini ma’lum qildi. Qayd etilganidek, hosildorlikning oshishi hamda ichki bozorda narx-navoning barqaror saqlanib qolishi natijasida qishloq xo‘jaligi to‘qimachilik sanoatidan keyin eng ko‘p valyuta tushumini ta’minlaydigan sohaga aylandi.
Shunday qilib, 2025-yil boshidan buyon oziq-ovqat eksporti 37 foizga o‘sib, 3 milliard dollarga yetdi va yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich mutaxassislar prognoziga ko‘ra, birinchi marta 3,2 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. O‘zbekiston meva-sabzavot yetkazib beradigan davlatlar soni 18 taga ko‘payib, 83 taga yetgani ta’kidlandi. Shuningdek, mamlakat quritilgan olxo‘ri va o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, shaftoli va mayiz bo‘yicha 7-o‘ringa, gilos bo‘yicha 8-o‘ringa va uzum bo‘yicha 13-o‘ringa ko‘tarildi.
Avvalroq O‘zbekistonda issiqxonalarni uzluksiz gaz bilan ta’minlash orqali mahsulotlar eksporti oshirilishi xabar qilingandi. Shuningdek, hukumat 2028-yil oxirigacha ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz darajasida belgilashni rejalashtirmoqda.
Izohlar