Minglab o‘zbekistonliklar iqtisodiyotning “yashirin” sektorini tark etdi
Mamlakatda olti milliondan ortiq odam rasman daromad solig‘i to‘lamoqda.

O‘zbekistonda norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish va iqtisodiy faollikni oshirish chora-tadbirlari tufayli 2024-yilda daromad solig‘i to‘lovchilar soni sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilari soni 6 mln 323 ming kishini tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 401 ming kishiga oshgan. Bu holat, shuningdek, mamlakatda ish haqining oshishi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining 2023-yilga nisbatan 18,3 foizga oshib, 35 trln 384 mlrd so‘mni tashkil etishiga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Shuningdek, 2024-yilda davlat budjeti daromadlari 274,4 trln so‘mni tashkil etib, 2023-yil yakuniga nisbatan 43 trln so‘mga oshgani qayd etilgan. Shuningdek, bu ko‘rsatkich ekspertlar prognoz qilgan natijani 3,7 trln so‘mga ortda qoldirgan.
Natijada byudjetga 91 trln so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlar, 88 trln so‘m egri soliqlar, 36 trln so‘m resurs yig‘imlari va mol-mulk solig‘i hamda qariyb 59 trln so‘m boshqa tushumlar kelib tushgan. Sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida gazlangan shirin va energetik ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etilishi hisobiga budjetga yana 634 mlrd so‘m tushum ta’minlandi.
Avvalroq O‘zbekistonda ish haqi va pensiyalar oshirilishi haqida xabar berilgandi. Iqtisodiyot vazirligi rahbari to‘lovlar inflyatsiya darajasidan past bo‘lmagan darajada indeksatsiya qilinishini ta’kidladi.
Izohlar