Markaziy bank asosiy stavkani yana 14 foiz darajasida saqlab qoldi
Regulyator inflyasiyani kamaytirish uchun qat’iy siyosatni saqlab qolmoqda.

12-iyun kuni Markaziy bank inflatsiyani pasayish trayektoriyasida ushlab turish va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga erishish uchun asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi. Zarur hollarda, siyosatning qat’iylik darajasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar bermoqda.
So‘nggi oylarda inflyatsion bosim saqlanib qolmoqda: may oyida umumiy inflyatsiya yillik 8,7 foizgacha pasayganiga qaramay, bazaviy inflyatsiya 8,5 foizgacha o‘sib bormoqda. Bu, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasida talabning yuqoriligi va energiya narxlari oshishining ikkilamchi ta’siri bilan bog‘liq.
Iqtisodiy faollik yuqoriligicha qolmoqda: savdo, pullik xizmatlar, pul o‘tkazmalari va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar hajmi ortib bormoqda. Shuningdek, kreditlashning yuqori sur’atlari saqlanib qolmoqda va byudjet xarajatlari oshmoqda, bu esa yalpi talabni qo‘llab-quvvatlaydi va inflyatsiyani kuchaytirishi mumkin.
Jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik sharoitida ko‘plab mamlakatlarda qat’iy pul-kredit siyosati saqlanib qolmoqda. Alohida oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlari oshishi ichki narxlarga bosimni kuchaytirishi mumkin.
Shu bilan birga, savdo hamkor davlatlar valyutalarining mustahkamlanishi va eksport tushumlarining o‘sishi ichki valyuta bozorida barqarorlikni saqlab, inflyatsion bosimni pasaytirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Markaziy bank aholining mikrokreditlar bo‘yicha qarzdorligi oshganini ma’lum qilgandi. Regulyator mikroqarzlar bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Izohlar