Deputatlar 2026-yilgi davlat byudjeti loyihasini qabul qildi
Daromadlar miqdori xarajatlardan kam bo‘ladi.

Deputatlar kelgusi yilda daromadlar hajmi 515,4 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinayotgan 2026 yilgi davlat byudjeti loyihasini birinchi o‘qishda o‘rganib chiqdi va qabul qildi.
Hujjatda 2026 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi 6,6 foizni tashkil etishi va aholi jon boshiga 4 686 dollarga yetishi ko‘zda tutilgan. Bunda, sanoat tarmog‘ida 6,4 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,2 foiz, bozor xizmatlari sohasida 14,5 foiz, qurilishda 10,2 foiz o‘sish sur’atlari kutilmoqda.
Bundan tashqari, rasmiylar inflyatsiya darajasi pasayishini kutmoqda. 2026-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari hajmi 515,4 trln so‘m, xarajatlari esa 567 trln so‘m miqdorida belgilanishi rejalashtirilgan. Bunda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizni tashkil etadi, tashqi qarzning cheklangan hajmi joriy yilga nisbatan 5 mlrd dollargacha pasayadi.
Muhokama chog‘ida deputatlar asosiy soliq va bojxona stavkalarini 2026-yilda ham o‘zgarishsiz qoldirish iqtisodiy o‘sish va soliq bazasini kengaytirish hisobiga byudjet daromadlarining o‘sishini ta’minlash imkonini berishini ta’kidladilar. Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotida raqobat muhitini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mutaxassislar, shuningdek, aholi turmush sifatini yaxshilash, fuqarolarning real daromadlarini oshirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini yillik inflyatsiya darajasidan oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish choralarini ma’qulladi. Shunday qilib, hujjat bilan 2026-yilda ijtimoiy sohaga 220 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilandi, bu barcha xarajatlarning qariyb 55 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, davlat byudjeti mablag‘larining 25,5 foizi ta’lim va fan sohasiga, 12,1 foizi sog‘liqni saqlash sohasiga hamda 4,2 foizi aholini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda. Mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlarini kengaytirish, tuman va shahar byudjetlarining daromad bazasini mustahkamlash va ularning mustaqilligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar aniq hujjat sifatida belgilanmoqda.
Bu hududlardagi ijtimoiy muammolarga tezroq iqtisodiy yechim topish va bu boradagi mavjud muammolarni samarali bartaraf etish imkonini berishi rejalashtirilgan. Muhokamalar jarayonida deputatlar davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari tomonidan byudjet mablag‘laridan samarali va oqilona foydalanilishini ta’minlash maqsadida parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan byudjet daromadlarini oshirish, soliq bazasini yanada kengaytirish, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish, byudjet mablag‘laridan foydalanishda korrupsiyaviy omillar va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirilib, hujjat qabul qilindi. Loyiha kuchga kirgunga qadar Qonunchilik palatasida yana ikkita o‘qishdan o‘tishi, Senat tomonidan ma’qullanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.
Avvalroq O‘zbekistonda bazaviy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolishi haqida xabar berilgandi. Moliya vazirligi 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan byudjetnoma loyihasini taqdim etdi.
Izohlar