Davlat byudjeti loyihasi o‘zgartirildi va Senatga yuborildi
Hujjatda hududlararo xospislarni tashkil etish uchun 50 mlrd so‘m ajratish ham ko‘zda tutilgan.

Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekistonning 2026-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini Senatga yubordi, deb xabar bermoqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlashda “O‘zbekiston—2030” strategiyasidagi yo‘nalishlarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyaviy va iqtisodiy jihatdan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Deputatlarning takliflari inobatga olinib, qonun loyihasiga bir qator konseptual ahamiyatga molik o‘zgartirishlar kiritildi.
O‘zLiDeP partiyasi a’zolarining taklifiga ko‘ra, onkologik va boshqa yuqumli bo‘lmagan kasalliklar kech bosqichlarda aniqlangan bemorlar uchun Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida hududlararo xospislar tashkil etish uchun 50 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda. Bunday muassasalar bemorlarga statsionar va ambulator sharoitda, shuningdek, uy sharoitida davolanish imkoni bo‘lmagan hollarda uy sharoitida tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatadi.
“Milliy tiklanish” fraksiyasi a’zolarining takliflari asosida iqtisodiyotning strategik muhim sohasi sifatida turizm sohasining tizimli va barqaror rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, sohada davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, Turizm qo‘mitasiga respublika byudjetidan 194 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilmoqda.
XDP va “Adolat” partiyasi fraksiyalari taklifiga ko‘ra, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni aniqlash va ularga yordam berish uchun Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga qo‘shimcha 67 mlrd so‘m ajratiladi.
Shuningdek, Ekologik partiya fraksiyasining Orolbo‘yi mintaqasida global ekologik vaziyatni yaxshilashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni moliyalashtirish uchun 24 mlrd so‘m ajratish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Avvalroq, iqtisodiyot vaziri davlat budjeti taqchilligi oshishini izohlagani xabar qilingandi. Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, xorijdan qarz mablag‘lari yo‘qligi sababli profitsit saqlanib qolgan.
Izohlar