Ayrim taksi haydovchilaridan avtomatik ravishda soliq undiriladi
Yangi chora haydovchilarni tashvishdan xalos qilishi kerak.

O‘zbekistonda agregatorlar o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari va daromadi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan kuryerlar uchun soliq to‘laydi, deb xabar berdi Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, norma 2 iyuldan kuchga kiradi. Agar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchining daromadi yiliga 100 mln so‘mdan oshsa, agregatorlar soliq organlarini xabardor qilish asosida to‘lov manbaida ulardan soliqlarni o‘zlari ushlab qoladilar. Vazirlikning ta’kidlashicha, 2025-yil boshidan buyon 189 nafar o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro 100 million so‘mdan ortiq daromad olishga muvaffaq bo‘lgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda jami 776,7 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mavjud bo‘lib, ular yo‘lovchilarni yengil transportda tashish va tovarlarni yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, 1 iyul holatiga 208 ta yuridik shaxs – onlayn taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilingan.
Ular orqali 430 mingdan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar aholiga yo‘nalishsiz taksi xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Shunday qilib, 2025-yil boshidan buyon agregatorlar byudjetga 89,6 milliard so‘m soliq to‘lagan. Qonunga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilganlar daromadi yiliga 100 mln. so‘mdan oshganda, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida 4% miqdorida aylanmadan olinadigan soliq to‘lashi va hisobot topshirishi shart.
Yangi mexanizm o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar va kuryerlarni soliqlarni hisoblash va to‘lash hamda hisobotlarni taqdim etish bilan bog‘liq ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos etishga yordam berishi rejalashtirilgan. Shuningdek, idora Yandex Uzbekistan o‘zini o‘zi band qilgan hamkorlari uchun soliq to‘lash jarayonini avtomatlashtirgan birinchi kompaniya bo‘lganini ta’kidladi.
Avvalroq Transport vazirligida taksilar faoliyatini hududlar kesimida cheklovchi yangi tartib qanday ishlashi haqida ma’lumot berilgani xabar qilingandi. Haydovchilar o‘z faoliyatini litsenziyada ko‘rsatilgan hududda, shuningdek unga tutash hududda amalga oshirishi kerak.
Izohlar