Zarafshon aeroporti qayta ishga tushirilishi mumkin
Zarafshon shahridagi 80-yillarda qurilgan aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasi o‘rganiladi.
Zarafshon shahridagi aeroport faoliyati qayta tiklanishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilishda bu haqda gapirib o‘tdi.
Qayd etilishicha, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida jami 200 ming aholi yashaydi. Ular Toshkent shahriga kelish uchun avval avtomobilda 250−300 kilometr yo‘l yurib, Navoiy shahriga boradi. Keyin esa, bu yerdan poyezd yoki samolyotga o‘tirib, poytaxtga borishga majbur bo‘layapti.
Zarafshon shahridagi 80-yillarda qurilgan aeroport esa hozirda ishlamayapti. Ushbu aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasini o‘rganib, tegishli takliflar kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, Zarafshon shahri aholisi 2−3 yilda 100 mingdan oshishi ta’kidlandi. Shu bois, Zarafshon hududini Tomdi tumani hisobidan 2 ming gektarga kengaytirib, 150 ming aholi uchun sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.
Mas’ullar oldiga ijtimoiy infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlarini qish mavsumiga sifatli tayyorlash, kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga ayollarni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, yoshlar bilan ishlashni yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berildi.